# Bankdagi pul — biznes foydasi emas. Nega?

- Canonical: https://blog.bahromnajmiddinov.uz/blog/bankdagi-pul-biznes-foydasi-emas
- Author: Bahrom Najmiddinov
- Published: 2026-10-05
- Odoo versions: 17.0, 18.0, 19.0
- Language: uz

> **TL;DR** Bank qoldigʻi faqat shu ondagi holatni koʻrsatadi, foydani emas. Undan mijozlar avansi, yetkazib beruvchilarga qarz, soliq, ish haqi va kredit ajratilgach qolgan erkin pul haqiqiy holatni bildiradi; maqola buni amaliy misolda koʻrsatadi.

<!-- Imported from Medium (https://medium.com/@bahromnajmiddinov/bankdagi-pul-biznes-foydasi-emas-nega-116e3d8cec2c) on 2026-10-23. Text is BAHA's; summary/description REVIEW. -->
![Slayd: bankdagi pul foyda emas — 500 million qoldiqning haqiqiy erkin qismi minus 35 million.](../../../assets/posts/cash-is-not-profit/image-1.png)

Tadbirkor bilan suhbat. “Ishlar qalay?” deb soʻrayman. “Zoʻr,” deydi, “hisobda 500 million bor.”

Shu javobning oʻzi muammo. Chunki u bitta savolga javob bermaydi: **bu pulning qancha qismi uniki?**

Hisobdagi qoldiq — bu shunchaki bugungi kundagi raqam. U sizga biznes foyda qilayotganini ham, qilmayotganini ham aytmaydi. Quyida nega bunday ekanini va bank qoldigʻini qanday toʻgʻri oʻqish kerakligini koʻrib chiqamiz.

## Bank qoldigʻi faqat shu ondagi holatni koʻrsatadi

![Slayd: bank qoldigʻi bir ondagi holat, jarayon emas — kirim va chiqim oqimi.](../../../assets/posts/cash-is-not-profit/image-2.png)

Tasavvur qiling, hovuzga suv quyilyapti va bir vaqtning oʻzida u yerdan suv chiqib ketyapti. Siz hovuzga qarab, “ichida 500 litr suv bor” deysiz.

Toʻgʻri. Lekin bu sizga quyidagilarni aytmaydi:

- Suv koʻpayyaptimi yoki kamayyaptimi
- Qanchasi ertaga chiqib ketishi kerak
- Qanchasi sizniki, qanchasi qarzga olingan

Bank hisobi ham shunday. U **jarayonni** emas, **bir ondagi holatni** koʻrsatadi. Kecha 800 million boʻlgan, ertaga 200 million boʻlishi mumkin — raqamning oʻzi hech narsa demaydi.

## Hisobdagi pulning kimga tegishli ekanini ajratib chiqing

Mana shu — eng muhim qismi. Bir varaq oling va bugungi bank qoldigʻini boʻlaklarga ajrating.

## 1. Mijozlar oldindan toʻlagan pul

Mijoz buyurtma berdi, 100 million toʻladi, tovar hali yetkazilmagan. Bu pul hisobingizda turibdi — lekin u **sizniki emas, qarzingiz**. Ertaga tovarni yetkazib bermasangiz, uni qaytarib berishingiz kerak.

## 2. Yetkazib beruvchilarga toʻlanmagan summa

Siz tovarni olgansiz, hujjat yopilgan, lekin toʻlov muddati keyingi oyda. Bu pul hozircha sizda — lekin u ham **sizniki emas**. Bu shunchaki boshqa odamning puli vaqtincha sizda turibdi.

## 3. Soliq va ish haqi

Oy oxirida toʻlanadigan ish haqi, soliqlar, ijtimoiy toʻlovlar. Ular hali hisobdan chiqmagan, lekin allaqachon **band qilingan pul**.

## 4. Kredit

Kredit olgansiz va u hisobga tushgan. Bu daromad emas. Bu — foizi bilan qaytariladigan qarz. Hisobdagi raqam oʻsgan, lekin biznesingiz bir tiyin ham boyimagan.

## 5. Qolgani

Yuqoridagi toʻrttasini ayirgandan keyin qolgan summa — mana shu haqiqatan sizning ixtiyoringizdagi pul.

## Amaliy misol

Bank hisobi: **500 mln soʻm**

![Slayd: 500 mln qoldiq, minus balans — avanslar, qarzlar, soliq va kredit ayrilgach erkin pul −35 mln.](../../../assets/posts/cash-is-not-profit/image-3.png)

| Nima | Summa (mln soʻm) |
| --- | ---: |
| Mijozlar oldindan toʻlagan (tovar berilmagan) | −140 |
| Yetkazib beruvchilarga qarz | −180 |
| Ish haqi va soliq (shu oy toʻlanadi) | −95 |
| Kredit (asosiy qarz qismi) | −120 |
| **Haqiqiy erkin pul** | **−35** |

Hisobda yarim milliard turibdi. Aslida esa kompaniya **35 million minusda.**

Va eng xavflisi — bu odam oʻzini boy his qiladi. U yangi mashina oladi yoki ikkinchi filial ochadi. Ikki oydan keyin ish haqini toʻlashga pul topa olmaydi.

## Nega foyda va pul bir vaqtda kelmaydi

Bu ikkisi boshqa-boshqa qoidalar boʻyicha hisoblanadi.

**Foyda** hujjat yopilganda yoziladi. Tovarni yetkazdingiz, hisob-faktura berdingiz — foyda hisobga tushdi. Mijoz toʻlaganmi yoki yoʻqmi, buning ahamiyati yoʻq.

**Pul** esa faqat haqiqatan kelganda yoki ketganda harakatlanadi.

Shuning uchun toʻrtta holat boʻlishi mumkin:

![Slayd: foyda va pul bir narsa emas — toʻrt holat: foyda bor/yoʻq, pul bor/yoʻq.](../../../assets/posts/cash-is-not-profit/image-4.png)

**Ikkinchi holat eng koʻp uchraydigani va eng xavflisi.** Qogʻozda hamma narsa yaxshi, lekin kassada pul yoʻq. Koʻp biznes aynan shu holatda yopiladi — foydasiz emas, **pulsiz** qolgani uchun.

## Foyda bor, lekin pul yoʻq — sabablari

Agar hisobotda foyda koʻrsatilayotgan boʻlsa-yu, hisobda pul boʻlmasa, javob shu uchtasidan biri:

**Debitorlik qarzi.** Tovarni berdingiz, foyda yozildi, pul kelmadi. Har bir toʻlanmagan hisob-faktura — bu mijozga bergan foizsiz kredit.

**Sklad.** Pulni tovarga aylantirdingiz. Omborda yotgan har bir qop — bu muzlatilgan mablag’. Sklad qancha katta boʻlsa, hisobda shuncha kam pul qoladi.

**Kredit asosiy qarzi.** Kredit toʻlovining foiz qismi xarajat sifatida hisobga olinadi, lekin **asosiy qarz qismi xarajat emas.** Yaʼni u foydani kamaytirmaydi, lekin pulni olib ketadi. Shuning uchun foyda 50 mln boʻlishi mumkin, kreditga esa 60 mln toʻlaysiz.

Shunga qoʻshimcha — egasining shaxsiy ehtiyojlariga olingan pullar. Ular ham foydadan ayirilmaydi, lekin hisobdan chiqib ketadi.

## Ikkita raqamni ajratib yuring

Biznesni tushunish uchun oyma-oy ikkita alohida hisobot kerak.

**Foyda va zarar hisoboti** — biznes model ishlayaptimi, degan savolga javob beradi. Savdo, tannarx, xarajatlar, sof foyda.

**Pul oqimi hisoboti** — ertaga toʻlovlarni qoplay olasizmi, degan savolga javob beradi. Oy boshidagi qoldiq, kirimlar, chiqimlar, oy oxiridagi qoldiq.

Bittasini ikkinchisi bilan almashtirib boʻlmaydi. Birinchisi biznes **foydalimi** deb soʻraydi, ikkinchisi **tirik qoladimi** deb soʻraydi. Ikkalasiga ham javob kerak.

## Har hafta tekshiriladigan uchta raqam

![Slayd: savdo toʻxtasa necha oy yashaysiz — zaxira = erkin pul ÷ oylik doimiy xarajat.](../../../assets/posts/cash-is-not-profit/image-5.png)

**1. Erkin pul.** Bank qoldigʻidan yuqoridagi toʻrtta band ayirilgan summa. Bu — haqiqatan sizning ixtiyoringizdagi pul.

**2. Oldinda turgan 30 kunlik toʻlovlar.** Keyingi oy ichida qancha pul chiqishi kerak? Agar bu raqam erkin puldan katta boʻlsa, siz hozir tanqislik tomon ketyapsiz.

**3. Kassa zaxirasi.** Agar ertaga savdo toʻxtasa, necha oy ushlab turasiz?

```text
Zaxira = Erkin pul ÷ Oylik doimiy xarajat
```

Masalan erkin pul 90 mln, oylik doimiy xarajat 45 mln → zaxira **2 oy**. Bu xavfli chegara. Sogʻlom koʻrsatkich — kamida 3 oy.

## ERP buni qanday koʻrsatadi

Agar hisobni tizimda yuritsangiz, bu raqamlarni qoʻlda yigʻish shart emas.

Odoo misolida: bank hisobi qoldigʻi bitta hisobda turadi, mijozlar avansi ikkinchisida, yetkazib beruvchiga qarz uchinchisida. Ular **alohida kontlarda** yozilgani uchun, erkin pulni hisoblash oddiy formulaga aylanadi.

Lekin bu yerda bitta shart bor: toʻlovlar hujjatlar bilan toʻgʻri bogʻlangan boʻlishi kerak. Agar avans oddiy kirim sifatida yozilsa va buyurtmaga ulanmasa, tizim uni ham “sizning pulingiz” deb koʻrsatadi. **Notoʻgʻri kiritilgan maʼlumot avtomatik hisobda ham notoʻgʻri chiqadi** — faqat tezroq va ishonchliroq koʻrinishda.

## Qisqa xulosa

Bank hisobidagi raqamni koʻrganingizda oʻzingizga bitta savol bering:

> ***Shu pulning qancha qismi ertaga boshqa odamga tegishli?***

Agar javobni 30 soniyada ayta olmasangiz, siz biznesingizning moliyaviy holatini bilmaysiz — faqat bugungi hisob qoldigʻini bilasiz. Bu ikkisi bir narsa emas.

*Siz erkin pulni alohida hisoblaysizmi yoki bank qoldigʻiga qarab qaror qabul qilasizmi? Zaxirangiz necha oyga yetadi?*
