# Biznesingiz foyda qilayotganini qanday bilasiz?

- Canonical: https://blog.bahromnajmiddinov.uz/blog/biznes-foyda-qilayotganini-qanday-bilish
- Author: Bahrom Najmiddinov
- Published: 2026-10-05
- Odoo versions: 17.0, 18.0, 19.0
- Language: uz

> **TL;DR** Koʻproq sotuv koʻproq foyda degani emas. Foyda uch bosqichda hisoblanadi — yalpi, operatsion va sof foyda. Maqola toʻliq misol bilan har birini, zarar qayerda yashirinishini va doimiy kuzatish kerak boʻlgan raqamlarni koʻrsatadi.

<!-- Imported from Medium (https://medium.com/@bahromnajmiddinov/biznesingiz-foyda-qilayotganini-qanday-bilasiz-a4106a9b2bd0) on 2026-10-23. Text is BAHA's; summary/description REVIEW. -->
Koʻproq sotuv degani koʻproq foyda degani emas!

![Sotuvdan sof foydagacha boʻlgan oylik hisob: 300 mln sotuv, tannarx, yalpi foyda, xarajatlar va sof foyda.](../../../assets/posts/business-profit/image-1.png)

Bu eng koʻp uchraydigan xato. Va u Excelʼda ham, ERPʼda ham bir xil tarzda sodir boʻladi. Quyida foyda qanday hisoblanishini va qaysi raqamlarga qarash kerakligini bosqichma-bosqich koʻrib chiqamiz.

## Avval eng asosiysi: pul ≠ foyda

Kassangizda pul bor boʻlishi mumkin, lekin siz zarar koʻrayotgan boʻlishingiz mumkin. Yoki aksincha — kassa boʻsh, lekin biznes foyda qilyapti.

Sabab oddiy. Kassadagi pul quyidagilardan ham kelib chiqadi:

- Mijoz oldindan toʻlagan, lekin siz tovarni hali bermagansiz — bu pul sizniki emas, qarzingiz
- Siz yetkazib beruvchiga hali toʻlamagansiz — yaʼni uning puli hozircha sizda turibdi
- Kredit olgansiz — bu umuman daromad emas

Shuning uchun “kassada pul bormi?” degan savol **foyda haqida hech narsa aytmaydi.** Bu faqat bugun toʻlovlaringizni qoplay olasizmi yoki yoʻqmi — shuni koʻrsatadi.

## Foyda uch bosqichda hisoblanadi

Bu uchta raqamni ajratib olmaguningizcha biznesingiz haqida hech narsa bilmaysiz.

## 1-bosqich. Yalpi foyda (Gross Profit)

```text
Yalpi foyda = Sotuvdan tushum − Sotilgan tovar tannarxi
```

Bu eng sodda raqam: tovarni qanchaga oldingiz va qanchaga sotdingiz.

Misol:

- Tovarni 70 000 soʻmga oldingiz
- 100 000 soʻmga sotdingiz
- Yalpi foyda = 30 000 soʻm, yaʼni **30%**

Bu yerda ikkita qoidani buzmaslik kerak:

**Tannarxga tovar narxidan tashqari hamma narsa kiradi.** Yetkazib berish, bojxona, yuk tushirish, zavoddagi qadoqlash — bularning hammasi tannarx. Faqat hisob-fakturadagi raqamni olsangiz, foydangizni koʻtarib koʻrsatasiz.

**Tannarx sotilgan paytdagi tannarx boʻlishi kerak.** Agar bir xil tovarni turli narxda olgan boʻlsangiz (bugun 70 000, keyingi oy 80 000), qaysi birini hisobga olasiz? Bu yerda hisob usuli tanlanadi — FIFO yoki oʻrtacha narx. Tanlagan usulingizni oʻzgartirmaslik kerak, aks holda raqamlar taqqoslanmaydi.

## 2-bosqich. Operatsion foyda

```text
Operatsion foyda = Yalpi foyda − Operatsion xarajatlar
```

Operatsion xarajatlar — bu tovarga bogʻliq boʻlmagan, lekin biznesni ushlab turish uchun toʻlanadigan hamma narsa:

- Ish haqi va soliqlari
- Ijara
- Kommunal toʻlovlar
- Reklama
- Transport va yoqilgʻi
- Bank xizmatlari
- Dasturiy taʼminot, aloqa

Bu yerda eng koʻp qilinadigan xato — **oʻz ish haqini hisobga olmaslik.** Agar siz biznesda har kuni ishlasangiz, sizning mehnatingiz ham xarajat. Boshqa odam yollasangiz qancha toʻlar edingiz — oʻsha raqamni yozing. Aks holda “foyda” deb koʻrsatayotgan narsangiz aslida sizning maoshingiz boʻlib chiqadi.

## 3-bosqich. Sof foyda (Net Profit)

```text
Sof foyda = Operatsion foyda − Kredit foizlari − Soliqlar
```

Mana shu — haqiqiy foyda. Siz egasi sifatida olishingiz mumkin boʻlgan pul.

## Toʻliq misol

Bir oylik hisob:

| Koʻrsatkich | Summa (mln soʻm) |
| --- | ---: |
| Sotuvdan tushum | 300 |
| Sotilgan tovar tannarxi | −210 |
| **Yalpi foyda** | **90 (30%)** |
| Ish haqi | −35 |
| Ijara | −18 |
| Transport | −12 |
| Reklama | −8 |
| Boshqa xarajatlar | −10 |
| **Operatsion foyda** | **7** |
| Kredit foizi | −5 |
| Soliq | −2 |
| **Sof foyda** | **0** |

300 million savdo. Kassa toʻla. Sof foyda — nol.

Yuqoridagi tanishimning holati aynan shu edi. U faqat birinchi qatorga qarar edi.

## Zarar qayerda yashirinadi

Agar savdo bor, lekin foyda yoʻq boʻlsa, sabab odatda shu toʻrttasidan biri:

**Chegirma nazoratsiz.** Sotuvchi bitimni yopish uchun chegirma beradi. 30% marjadan 10% chegirma bersangiz, foydangizning uchdan biri yoʻqoladi. Koʻp joyda bu umuman hisoblanmaydi.

**Sklad qotib qolgan.** Omborda bir yildan beri yotgan tovar — bu pul. U ishlamayapti, lekin siz uni sotib olish uchun pul toʻlagansiz. Koʻpincha bu “aktiv” deb koʻriladi, aslida esa muzlab qolgan mablag’.

**Debitorlik qarzi oʻsyapti.** Tovarni berdingiz, hujjat yopildi, foyda hisobga tushdi — lekin pul kelmadi. Qogʻozda foyda bor, kassada pul yoʻq. Agar qarz undirilmasa, u foyda emas, zarar.

**Yashirin xarajatlar.** Yoʻqotilgan tovar, qaytarib olingan mahsulot, brak, transportdagi shikast. Bular alohida hisoblanmasa, tannarx ichiga singib ketadi va siz muammoni koʻrmaysiz.

## Doimiy kuzatish kerak boʻlgan raqamlar

Har oy, kamida shu beshtasi:

**1. Yalpi marja (%).** Oydan oyga tushib borayaptimi? Bu eng erta ogohlantiruvchi signal. Marja tushsa — yo tannarx oshgan, yo chegirmalar nazoratdan chiqqan.

**2. Operatsion xarajatlarning savdoga nisbati (%).** Savdo oʻsganda bu foiz tushishi kerak. Agar oʻssa — siz oʻsishdan emas, xarajatdan oʻsyapsiz.

**3. Break-even nuqtasi.** Nolga chiqish uchun oyiga qancha sotish kerak?

```text
Break-even = Doimiy xarajatlar ÷ Yalpi marja foizi
```

Yuqoridagi misolda: doimiy xarajatlar 83 mln, marja 30%. Demak break-even = 83 ÷ 0.30 = **277 mln soʻm.** Shundan kam sotsangiz — zarar.

Bu raqamni bilish juda muhim, chunki u sizga aniq maqsad beradi.

**4. Sklad aylanishi.** Tovar oʻrtacha necha kunda sotiladi? Agar 120 kun boʻlsa, siz pulingizni toʻrt oyga muzlatib qoʻygansiz.

**5. Debitorlik muddati.** Mijozlar oʻrtacha necha kunda toʻlaydi? Agar bu raqam oʻsib borsa, oldinda pul tanqisligi kutilmoqda.

## Buni qanday hisoblash mumkin

**Excelʼda.** Kichik biznes uchun ishlaydi, lekin uchta shart bor: har bir kirim hujjatda tannarx yozilsin, xarajatlar kategoriyalarga boʻlinsin, hisob oy yopilgandan keyin 3 kun ichida tayyor boʻlsin. Agar hisobot oy oʻrtasida chiqsa, undan qaror chiqara olmaysiz.

**ERP tizimida.** Bu yerda asosiy foyda shundaki, tannarx har bir sotuv hujjatida avtomatik hisoblanadi — siz uni qoʻlda kiritmaysiz. Odooʻda masalan, mahsulot kategoriyasida hisob usulini (FIFO yoki oʻrtacha) va avtomatik valuatsiyani yoqsangiz, har bir yetkazib berishda tannarx jurnalga oʻzi tushadi. Shundan keyin yalpi marjani mahsulot, mijoz yoki sotuvchi kesimida koʻrish mumkin boʻladi.

Lekin bu yerda bitta ogohlantirish bor: **tizim faqat siz kiritgan maʼlumot qanchalik toʻgʻri boʻlsa, shuncha toʻgʻri hisoblaydi.** Agar transport xarajatini tannarxga qoʻshmasangiz, Odoo ham uni hisoblamaydi. Avtomatlashtirish notoʻgʻri hisobni toʻgʻrilab bermaydi — faqat uni tezroq koʻrsatadi.

## Eng qisqa javob

Agar vaqtingiz yoʻq boʻlsa, shu uchta savolga javob bering:

1. **Yalpi marjam necha foiz va u oshyaptimi yoki tushyaptimi?**
2. **Nolga chiqish uchun oyiga qancha sotishim kerak va men bundan yuqoridamanmi?**
3. **Qogʻozdagi foydam kassaga tushdimi yoki debitorlikda qolyaptimi?**

Shu uchtasiga aniq raqam bilan javob bera olsangiz — biznesingizni nazorat qilyapsiz. Bera olmasangiz, hozir foyda qilayotgan boʻlsangiz ham, buni bilib emas, tasodifan qilyapsiz.
