# Odoo 19 ni Windowsʼga oʻrnatish: toʻliq qoʻllanma

- Canonical: https://blog.bahromnajmiddinov.uz/blog/odoo-19-windows-ornatish
- Author: Bahrom Najmiddinov
- Published: 2026-10-12
- Odoo versions: 19.0
- Language: uz

> **TL;DR** Odoo 19 ni Windowsga ikki yoʻl bilan oʻrnatish mumkin: tizimni koʻrib chiqish uchun tayyor installer yoki modul yozish uchun sourcedan oʻrnatish. Windows production uchun mos emas; maqola ikkala yoʻlni va tipik xatolarni koʻrsatadi.

<!-- Imported from Medium (https://medium.com/@bahromnajmiddinov/odoo-19-ni-windowsga-o-rnatish-to-liq-qo-llanma-6a71d1ec012c) on 2026-10-23. Text is BAHA's; summary/description REVIEW. -->
Windowsʼga Odoo oʻrnatish haqida savol berilganda, javob har doim bitta savoldan boshlanadi: **nima uchun kerak?**

Agar tizimni koʻrib chiqmoqchi boʻlsangiz — tayyor installer 15 daqiqada ishga tushadi. Agar modul yozmoqchi boʻlsangiz — sourcedan oʻrnatish shart, boshqa yoʻli yoʻq.

Ikkala usulni ham toʻliq koʻrib chiqamiz. Barcha buyruqlar Odoo 19 uchun va rasmiy hujjatlardan olingan.

## Avval muhim ogohlantirish

Odoo rasmiy hujjatida aniq yozilgan: **Windows paketi faqat test yoki bitta foydalanuvchili lokal muhit uchun moʻljallangan.** Odoo uni production uchun ishlatishni tavsiya qilmaydi — cheklovlar va xavflar sababli.

Yaʼni:

```text
| Maqsad                                | Windows mos keladimi?               |
| ------------------------------------  | ----------------------------------- |
| Tizimni ko’rib chiqish, o’rganish     | Ha                                  |
| Modul yozish, dasturlash              | Ha                                  |
| Mijozga demo ko’rsatish               | Ha                                  |
| Real kompaniya ishlaydigan server     | Yo’q — Ubuntu Server ishlating      |
```

Bu maqolada Windowsʼga oʻrnatishni koʻrib chiqamiz. Lekin agar sizning maqsadingiz jonli tizim boʻlsa, boshqa yoʻldan ketish kerak.

## 1-usul. Tayyor installer (eng oson)

Bu usul foydalanuvchilar uchun. Hech narsa sozlash shart emas — PostgreSQL ham installer ichida keladi.

## 1-qadam. Installerni yuklab oling

Odoo rasmiy sahifasidan Windows installerini oling: **odoo.com/page/download**

Ikkita variant bor:

- **Community** — bepul, ochiq kodli
- **Enterprise** — pullik, yuklab olish uchun toʻlovchi mijoz yoki hamkor sifatida tizimga kirish talab qilinadi

Community versiyasini nightly serverdan ham olsa boʻladi.

## 2-qadam. Faylni ishga tushiring

Yuklab olingan .exe faylni oching.

## 3-qadam. SmartScreen ogohlantirishini oʻting

Windows 8 va undan yuqori versiyalarda **“Windows protected your PC”** oynasi chiqishi mumkin. Bu virus degani emas — shunchaki Microsoft imzolamagan fayl.

Bajaring:

1. **More info** tugmasini bosing
2. **Run anyway** ni tanlang

## 4-qadam. UAC soʻrovini tasdiqlang

Administrator huquqlarini soʻraganda **Yes** ni bosing.

## 5-qadam. Oʻrnatishni yakunlang

Keyingi qadamlarni odatdagidek bosib oʻting. Oʻrnatish tugagach **Odoo oʻzi avtomatik ishga tushadi.**

Brauzerda http://localhost:8069 manzilini oching.

Shu bilan tamom. Bu usulda PostgreSQL alohida oʻrnatilmaydi — u installer bilan birga keladi.

## 2-usul. Sourcedan oʻrnatish (dasturchilar uchun)

Agar modul yozmoqchi boʻlsangiz yoki kodni oʻzgartirmoqchi boʻlsangiz, bu yagona toʻgʻri yoʻl. Jarayon uzunroq, lekin har bir qadam tushunarli.

## 1-qadam. Python oʻrnatish

Odoo 19 **Python 3.10 yoki undan yuqori** versiyani talab qiladi. (Bu talab Odoo 17 da oʻzgargan — undan oldin 3.7 yetarli edi.)

Pythonʼni rasmiy saytdan yuklab oling: python.org/downloads/windows

**Oʻrnatishda ikkita narsani unutmang:**

1. **Add Python 3 to PATH** katagiga belgi qoʻying
2. **Customize Installation** ni bosing va **pip** belgilanganini tekshiring

Birinchi band eng koʻp unutiladigan narsa. Agar uni oʻtkazib yuborsangiz, keyin terminalda python buyrugʻi ishlamaydi va qaytadan oʻrnatishga toʻgʻri keladi.

**Tekshirish:**

```powershell
C:\> python --version
C:\> pip --version
```

Ikkala buyruq ham versiya raqamini chiqarishi kerak. Agar python topilmasa — PATH sozlanmagan.

## 2-qadam. PostgreSQL oʻrnatish

Odoo maʼlumotlar bazasi sifatida PostgreSQL ishlatadi.

**Odoo 19 uchun minimal versiya — PostgreSQL 13.** (Bu ham oʻzgargan: Odoo 18 gacha 12 yetarli edi.)

Yuklab oling: postgresql.org/download/windows

## PATH ga qoʻshish

Oʻrnatishdan keyin PostgreSQLʼning bin papkasini tizim PATH oʻzgaruvchisiga qoʻshing. Odatiy manzil:

```powershell
C:\Program Files\PostgreSQL\<versiya>\bin
```

## Foydalanuvchi yaratish

**Muhim:** Odoo postgres foydalanuvchisi bilan ulanishni taqiqlaydi. Shuning uchun yangi foydalanuvchi yaratish shart.

pgAdmin orqali:

1. **pgAdmin** ni oching
2. Serverga ikki marta bosib ulaning
3. Menyudan **Object → Create → Login/Group Role** ni tanlang
4. **Role Name** maydoniga nom kiriting (masalan, odoo)
5. **Definition** tabini oching, parol kiriting (masalan, odoo) va **Save** bosing

Foydalanuvchi nomi va parolni eslab qoling — ular keyingi qadamlarda kerak boʻladi.

## 3-qadam. Build Tools for Visual Studio

Bu qadam koʻpincha oʻtkazib yuboriladi va keyin pip install xatolik bilan toʻxtaydi.

Odooʻning baʼzi Python kutubxonalari C kodini kompilyatsiya qilishni talab qiladi. Windowsʼda buning uchun Microsoftʼning kompilyatori kerak.

1. **Build Tools for Visual Studio** ni yuklab oling: visualstudio.microsoft.com/downloads
2. Oʻrnatuvchida **Workloads** tabiga oʻting
3. **C++ build tools** ni tanlang va oʻrnating

Bu bir necha gigabayt joy oladi, lekin iloji yoʻq — busiz pip install -r requirements.txt ishlamaydi.

## 4-qadam. Git oʻrnatish va kodni yuklab olish

Agar Git oʻrnatilmagan boʻlsa: git-scm.com/download/win

Keyin kodni klonlang. Community uchun:

```powershell
C:\> git clone --branch 19.0 --single-branch https://github.com/odoo/odoo.git
```

Enterprise ham kerak boʻlsa, ikkinchi repozitoriyni ham oling:

```powershell
C:\> git clone --branch 19.0 --single-branch https://github.com/odoo/enterprise.git
```

**Bu yerda bir nuqtani tushunib olish kerak.** Enterprise repozitoriysi toʻliq Odoo kodini oʻz ichiga olmaydi — u faqat qoʻshimcha modullar toʻplami. Server kodi Communityʼda. Enterpriseʼni ishlatish degani — Community serverini ishga tushirib, addons-path ga Enterprise papkasini qoʻshish degani.

Shuning uchun Enterprise uchun **ikkala repozitoriy ham kerak.**

## 5-qadam. Python kutubxonalarini oʻrnatish

Terminalni **Administrator sifatida** oching. Bu talab — oddiy terminalda baʼzi paketlar oʻrnatilmaydi.

Odoo papkasiga oʻting va buyruqlarni bajaring:

```powershell
C:\> cd \CommunityPath
C:\> pip install setuptools wheel
C:\> pip install -r requirements.txt
```

CommunityPath — bu siz klonlagan odoo papkasining manzili.

**Maslahat:** Agar bir nechta Odoo versiyasi bilan ishlasangiz yoki tizim Pythonʼini toza saqlamoqchi boʻlsangiz, virtualenv orqali alohida muhit yarating. Bu majburiy emas, lekin keyinchalik versiyalar aralashib ketishining oldini oladi.

## 6-qadam. wkhtmltopdf (PDF hisobotlar uchun)

Bu paket pip orqali oʻrnatilmaydi — uni qoʻlda oʻrnatish kerak.

**Muhim nuqta:** kolontitullar (header va footer) ishlashi uchun aynan **0.12.6 versiyasi** kerak. Boshqa versiyalarda ular chiqmaydi.

Yuklab olish manzili: github.com/wkhtmltopdf/packaging/releases/tag/0.12.6.1-3

Agar buni oʻtkazib yuborsangiz, Odoo ishlaydi — lekin PDF hisobot chiqarmoqchi boʻlganingizda xatolik beradi.

## 7-qadam. rtlcss (faqat oʻngdan chapga yoziladigan tillar uchun)

Bu qadam faqat arab yoki ibroniy tillarini qoʻllab-quvvatlash kerak boʻlsa bajariladi. Oʻzbek yoki rus tili uchun kerak emas — oʻtkazib yuborsangiz boʻladi.

```powershell
C:\> npm install -g rtlcss
```

Oldin Node.js oʻrnatilgan boʻlishi kerak: nodejs.org/en/download

Keyin PATH ga rtlcss.cmd joylashgan papkani qoʻshing. Odatda:

```powershell
C:\Users\<user>\AppData\Roaming\npm\
```

## 8-qadam. Odooʻni ishga tushirish

Hammasi tayyor. Serverni ishga tushiramiz:

```powershell
C:\> cd CommunityPath/
C:\> python odoo-bin -r dbuser -w dbpassword --addons-path=addons -d mydb
```

Parametrlar:

```text

| Parametr               | Ma’nosi                                    |
| ---------------------- | ------------------------------------------ |
| -r dbuser              | PostgreSQL foydalanuvchi nomi (2-qadamda yaratgan) |
| -w dbpassword          | PostgreSQL paroli                          |
| --addons-path=addons   | Modullar qidiriladigan papkalar            |
| -d mydb                | Ma’lumotlar bazasi nomi                    |
```

## Enterprise bilan ishga tushirish

Agar Enterprise ham kerak boʻlsa, addons-path ga uning papkasini qoʻshing. **Enterprise yoʻli birinchi turishi shart** — aks holda modullar notoʻgʻri yuklanadi:

```powershell
C:\> python odoo-bin -r dbuser -w dbpassword --addons-path=../enterprise,addons -d mydb
```

## Tayyor ekanini qanday bilasiz

Terminalda shu qator chiqishini kuting:

```text
odoo.modules.loading: Modules loaded.
```

Shundan keyin brauzerda oching: [http://localhost:8069](http://localhost:8069)

Kirish maʼlumotlari:

- Email: admin
- Parol: admin

**Diqqat:** bu Odoo interfeysiga kirish akkounti(hisobi). U -r parametrida koʻrsatilgan PostgreSQL foydalanuvchisidan butunlay boshqa narsa. Ikkisini aralashtirmang.

## Konfiguratsiya faylini ishlatish

Har safar uzun buyruq yozish noqulay. Yaxshisi — barcha sozlamalarni faylga yozib qoʻyish.

odoo.conf nomli fayl yarating:

```ini
[options]
db_host = localhost
db_port = 5432
db_user = odoo
db_password = odoo
addons_path = addons
```

Endi ishga tushirish shunday boʻladi:

```powershell
C:\> python odoo-bin -c odoo.conf -d mydb
```

Enterprise bilan ishlasangiz, addons_path qatorini shunday yozing:

```text
addons_path = ../enterprise,addons
```

Konfiguratsiya faylining qoʻshimcha foydasi: parollar buyruqlar tarixida qolmaydi.

## Eng koʻp uchraydigan xatolar

**'python' is not recognized as an internal or external command**  
 Python oʻrnatishda "Add Python 3 to PATH" belgilanmagan. Pythonʼni qaytadan oʻrnating yoki PATH ni qoʻlda sozlang.

**pip install -r requirements.txt kompilyatsiya xatosi bilan toʻxtaydi**  
 Build Tools for Visual Studio oʻrnatilmagan (3-qadam). C++ build tools ni oʻrnating va buyruqni qaytadan bajaring.

**FATAL: role "odoo" does not exist**  
 PostgreSQLʼda foydalanuvchi yaratilmagan yoki -r parametrida boshqa nom koʻrsatilgan. pgAdminʼda foydalanuvchini tekshiring.

**could not connect to server**  
 PostgreSQL xizmati ishlamayapti. Windows Servicesʼda postgresql-x64-<versiya> xizmatini topib ishga tushiring.

**PDF hisobot chiqmaydi yoki kolontitulsiz chiqadi**  
 wkhtmltopdf oʻrnatilmagan yoki notoʻgʻri versiya. Aynan 0.12.6 kerak (6-qadam).

**Port band —****Address already in use**  
 8069 portni boshqa dastur egallagan. Boshqa port bilan ishga tushiring: --http-port=8070

## Qaysi usulni tanlash kerak

```text

| Vaziyat                                   | Usul                          |
| --------------------------------------    | ----------------------------- |
| Odoo’ni ko’rib chiqmoqchiman              | Installer                     |
| Mijozga demo ko’rsatmoqchiman             | Installer                     |
| Modul yozaman, kodni o’zgartiraman        | Manbadan                      |
| Bir nechta Odoo versiyasi bilan ishlayman | Manbadan + virtualenv         |
| Kompaniya uchun jonli server kerak        | Ubuntu Server, Windows emas   |
```

Oxirgi qatorni takrorlayman, chunki bu eng koʻp qilinadigan xato. Windowsʼda oʻrnatilgan Odooʻni real kompaniyaga berib yuborish — keyinchalik maʼlumot yoʻqolishi, sekin ishlash va zaxira nusxa muammolariga olib keladi. Odoo buni rasman tavsiya qilmaydi.

## Keyingi qadam

Oʻrnatish tugadi. Endi:

- **Modul yozmoqchi boʻlsangiz** — odoo-bin scaffold buyrugʻi bilan boʻsh modul shabloni yaratishdan boshlang
- **Oʻzgarishlarni koʻrish uchun** — --dev=all parametrini qoʻshing, shunda kodni oʻzgartirganda server qayta yuklanadi
- **Modulni yangilash uchun** — -u modul_nomi parametridan foydalaning
