baha.
Obuna boʻlish Buyurtma berish Aloqa

Odoo 19 ni Windowsʼga oʻrnatish: toʻliq qoʻllanma

Odoo 19 ni Windowsga oʻrnatish: tayyor installer bilan 15 daqiqada yoki modul yozish uchun sourcedan oʻrnatish, bosqichma-bosqich.

2 daqiqa oʻqish Oʻrnatish va DevOps Mos versiyalar: Odoo 19 Nashrlar: Community · Enterprise

Windowsʼga Odoo oʻrnatish haqida savol berilganda, javob har doim bitta savoldan boshlanadi: nima uchun kerak?

Agar tizimni koʻrib chiqmoqchi boʻlsangiz — tayyor installer 15 daqiqada ishga tushadi. Agar modul yozmoqchi boʻlsangiz — sourcedan oʻrnatish shart, boshqa yoʻli yoʻq.

Ikkala usulni ham toʻliq koʻrib chiqamiz. Barcha buyruqlar Odoo 19 uchun va rasmiy hujjatlardan olingan.

Avval muhim ogohlantirish

Odoo rasmiy hujjatida aniq yozilgan: Windows paketi faqat test yoki bitta foydalanuvchili lokal muhit uchun moʻljallangan. Odoo uni production uchun ishlatishni tavsiya qilmaydi — cheklovlar va xavflar sababli.

Yaʼni:

| Maqsad | Windows mos keladimi? |
| ------------------------------------ | ----------------------------------- |
| Tizimni ko’rib chiqish, o’rganish | Ha |
| Modul yozish, dasturlash | Ha |
| Mijozga demo ko’rsatish | Ha |
| Real kompaniya ishlaydigan server | Yo’q — Ubuntu Server ishlating |

Bu maqolada Windowsʼga oʻrnatishni koʻrib chiqamiz. Lekin agar sizning maqsadingiz jonli tizim boʻlsa, boshqa yoʻldan ketish kerak.

1-usul. Tayyor installer (eng oson)

Bu usul foydalanuvchilar uchun. Hech narsa sozlash shart emas — PostgreSQL ham installer ichida keladi.

1-qadam. Installerni yuklab oling

Odoo rasmiy sahifasidan Windows installerini oling: odoo.com/page/download

Ikkita variant bor:

  • Community — bepul, ochiq kodli
  • Enterprise — pullik, yuklab olish uchun toʻlovchi mijoz yoki hamkor sifatida tizimga kirish talab qilinadi

Community versiyasini nightly serverdan ham olsa boʻladi.

2-qadam. Faylni ishga tushiring

Yuklab olingan .exe faylni oching.

3-qadam. SmartScreen ogohlantirishini oʻting

Windows 8 va undan yuqori versiyalarda “Windows protected your PC” oynasi chiqishi mumkin. Bu virus degani emas — shunchaki Microsoft imzolamagan fayl.

Bajaring:

  1. More info tugmasini bosing
  2. Run anyway ni tanlang

4-qadam. UAC soʻrovini tasdiqlang

Administrator huquqlarini soʻraganda Yes ni bosing.

5-qadam. Oʻrnatishni yakunlang

Keyingi qadamlarni odatdagidek bosib oʻting. Oʻrnatish tugagach Odoo oʻzi avtomatik ishga tushadi.

Brauzerda http://localhost:8069 manzilini oching.

Shu bilan tamom. Bu usulda PostgreSQL alohida oʻrnatilmaydi — u installer bilan birga keladi.

2-usul. Sourcedan oʻrnatish (dasturchilar uchun)

Agar modul yozmoqchi boʻlsangiz yoki kodni oʻzgartirmoqchi boʻlsangiz, bu yagona toʻgʻri yoʻl. Jarayon uzunroq, lekin har bir qadam tushunarli.

1-qadam. Python oʻrnatish

Odoo 19 Python 3.10 yoki undan yuqori versiyani talab qiladi. (Bu talab Odoo 17 da oʻzgargan — undan oldin 3.7 yetarli edi.)

Pythonʼni rasmiy saytdan yuklab oling: python.org/downloads/windows

Oʻrnatishda ikkita narsani unutmang:

  1. Add Python 3 to PATH katagiga belgi qoʻying
  2. Customize Installation ni bosing va pip belgilanganini tekshiring

Birinchi band eng koʻp unutiladigan narsa. Agar uni oʻtkazib yuborsangiz, keyin terminalda python buyrugʻi ishlamaydi va qaytadan oʻrnatishga toʻgʻri keladi.

Tekshirish:

Terminal window
C:\> python --version
C:\> pip --version

Ikkala buyruq ham versiya raqamini chiqarishi kerak. Agar python topilmasa — PATH sozlanmagan.

2-qadam. PostgreSQL oʻrnatish

Odoo maʼlumotlar bazasi sifatida PostgreSQL ishlatadi.

Odoo 19 uchun minimal versiya — PostgreSQL 13. (Bu ham oʻzgargan: Odoo 18 gacha 12 yetarli edi.)

Yuklab oling: postgresql.org/download/windows

PATH ga qoʻshish

Oʻrnatishdan keyin PostgreSQLʼning bin papkasini tizim PATH oʻzgaruvchisiga qoʻshing. Odatiy manzil:

Terminal window
C:\Program Files\PostgreSQL\<versiya>\bin

Foydalanuvchi yaratish

Muhim: Odoo postgres foydalanuvchisi bilan ulanishni taqiqlaydi. Shuning uchun yangi foydalanuvchi yaratish shart.

pgAdmin orqali:

  1. pgAdmin ni oching
  2. Serverga ikki marta bosib ulaning
  3. Menyudan Object → Create → Login/Group Role ni tanlang
  4. Role Name maydoniga nom kiriting (masalan, odoo)
  5. Definition tabini oching, parol kiriting (masalan, odoo) va Save bosing

Foydalanuvchi nomi va parolni eslab qoling — ular keyingi qadamlarda kerak boʻladi.

3-qadam. Build Tools for Visual Studio

Bu qadam koʻpincha oʻtkazib yuboriladi va keyin pip install xatolik bilan toʻxtaydi.

Odooʻning baʼzi Python kutubxonalari C kodini kompilyatsiya qilishni talab qiladi. Windowsʼda buning uchun Microsoftʼning kompilyatori kerak.

  1. Build Tools for Visual Studio ni yuklab oling: visualstudio.microsoft.com/downloads
  2. Oʻrnatuvchida Workloads tabiga oʻting
  3. C++ build tools ni tanlang va oʻrnating

Bu bir necha gigabayt joy oladi, lekin iloji yoʻq — busiz pip install -r requirements.txt ishlamaydi.

4-qadam. Git oʻrnatish va kodni yuklab olish

Agar Git oʻrnatilmagan boʻlsa: git-scm.com/download/win

Keyin kodni klonlang. Community uchun:

Terminal window
C:\> git clone --branch 19.0 --single-branch https://github.com/odoo/odoo.git

Enterprise ham kerak boʻlsa, ikkinchi repozitoriyni ham oling:

Terminal window
C:\> git clone --branch 19.0 --single-branch https://github.com/odoo/enterprise.git

Bu yerda bir nuqtani tushunib olish kerak. Enterprise repozitoriysi toʻliq Odoo kodini oʻz ichiga olmaydi — u faqat qoʻshimcha modullar toʻplami. Server kodi Communityʼda. Enterpriseʼni ishlatish degani — Community serverini ishga tushirib, addons-path ga Enterprise papkasini qoʻshish degani.

Shuning uchun Enterprise uchun ikkala repozitoriy ham kerak.

5-qadam. Python kutubxonalarini oʻrnatish

Terminalni Administrator sifatida oching. Bu talab — oddiy terminalda baʼzi paketlar oʻrnatilmaydi.

Odoo papkasiga oʻting va buyruqlarni bajaring:

Terminal window
C:\> cd \CommunityPath
C:\> pip install setuptools wheel
C:\> pip install -r requirements.txt

CommunityPath — bu siz klonlagan odoo papkasining manzili.

Maslahat: Agar bir nechta Odoo versiyasi bilan ishlasangiz yoki tizim Pythonʼini toza saqlamoqchi boʻlsangiz, virtualenv orqali alohida muhit yarating. Bu majburiy emas, lekin keyinchalik versiyalar aralashib ketishining oldini oladi.

6-qadam. wkhtmltopdf (PDF hisobotlar uchun)

Bu paket pip orqali oʻrnatilmaydi — uni qoʻlda oʻrnatish kerak.

Muhim nuqta: kolontitullar (header va footer) ishlashi uchun aynan 0.12.6 versiyasi kerak. Boshqa versiyalarda ular chiqmaydi.

Yuklab olish manzili: github.com/wkhtmltopdf/packaging/releases/tag/0.12.6.1-3

Agar buni oʻtkazib yuborsangiz, Odoo ishlaydi — lekin PDF hisobot chiqarmoqchi boʻlganingizda xatolik beradi.

7-qadam. rtlcss (faqat oʻngdan chapga yoziladigan tillar uchun)

Bu qadam faqat arab yoki ibroniy tillarini qoʻllab-quvvatlash kerak boʻlsa bajariladi. Oʻzbek yoki rus tili uchun kerak emas — oʻtkazib yuborsangiz boʻladi.

Terminal window
C:\> npm install -g rtlcss

Oldin Node.js oʻrnatilgan boʻlishi kerak: nodejs.org/en/download

Keyin PATH ga rtlcss.cmd joylashgan papkani qoʻshing. Odatda:

Terminal window
C:\Users\<user>\AppData\Roaming\npm\

8-qadam. Odooʻni ishga tushirish

Hammasi tayyor. Serverni ishga tushiramiz:

Terminal window
C:\> cd CommunityPath/
C:\> python odoo-bin -r dbuser -w dbpassword --addons-path=addons -d mydb

Parametrlar:

| Parametr | Ma’nosi |
| ---------------------- | ------------------------------------------ |
| -r dbuser | PostgreSQL foydalanuvchi nomi (2-qadamda yaratgan) |
| -w dbpassword | PostgreSQL paroli |
| --addons-path=addons | Modullar qidiriladigan papkalar |
| -d mydb | Ma’lumotlar bazasi nomi |

Enterprise bilan ishga tushirish

Agar Enterprise ham kerak boʻlsa, addons-path ga uning papkasini qoʻshing. Enterprise yoʻli birinchi turishi shart — aks holda modullar notoʻgʻri yuklanadi:

Terminal window
C:\> python odoo-bin -r dbuser -w dbpassword --addons-path=../enterprise,addons -d mydb

Tayyor ekanini qanday bilasiz

Terminalda shu qator chiqishini kuting:

odoo.modules.loading: Modules loaded.

Shundan keyin brauzerda oching: http://localhost:8069

Kirish maʼlumotlari:

  • Email: admin
  • Parol: admin

Diqqat: bu Odoo interfeysiga kirish akkounti(hisobi). U -r parametrida koʻrsatilgan PostgreSQL foydalanuvchisidan butunlay boshqa narsa. Ikkisini aralashtirmang.

Konfiguratsiya faylini ishlatish

Har safar uzun buyruq yozish noqulay. Yaxshisi — barcha sozlamalarni faylga yozib qoʻyish.

odoo.conf nomli fayl yarating:

[options]
db_host = localhost
db_port = 5432
db_user = odoo
db_password = odoo
addons_path = addons

Endi ishga tushirish shunday boʻladi:

Terminal window
C:\> python odoo-bin -c odoo.conf -d mydb

Enterprise bilan ishlasangiz, addons_path qatorini shunday yozing:

addons_path = ../enterprise,addons

Konfiguratsiya faylining qoʻshimcha foydasi: parollar buyruqlar tarixida qolmaydi.

Eng koʻp uchraydigan xatolar

‘python’ is not recognized as an internal or external command
Python oʻrnatishda “Add Python 3 to PATH” belgilanmagan. Pythonʼni qaytadan oʻrnating yoki PATH ni qoʻlda sozlang.

pip install -r requirements.txt kompilyatsiya xatosi bilan toʻxtaydi
Build Tools for Visual Studio oʻrnatilmagan (3-qadam). C++ build tools ni oʻrnating va buyruqni qaytadan bajaring.

FATAL: role “odoo” does not exist
PostgreSQLʼda foydalanuvchi yaratilmagan yoki -r parametrida boshqa nom koʻrsatilgan. pgAdminʼda foydalanuvchini tekshiring.

could not connect to server
PostgreSQL xizmati ishlamayapti. Windows Servicesʼda postgresql-x64- xizmatini topib ishga tushiring.

PDF hisobot chiqmaydi yoki kolontitulsiz chiqadi
wkhtmltopdf oʻrnatilmagan yoki notoʻgʻri versiya. Aynan 0.12.6 kerak (6-qadam).

**Port band —**Address already in use
8069 portni boshqa dastur egallagan. Boshqa port bilan ishga tushiring: —http-port=8070

Qaysi usulni tanlash kerak

| Vaziyat | Usul |
| -------------------------------------- | ----------------------------- |
| Odoo’ni ko’rib chiqmoqchiman | Installer |
| Mijozga demo ko’rsatmoqchiman | Installer |
| Modul yozaman, kodni o’zgartiraman | Manbadan |
| Bir nechta Odoo versiyasi bilan ishlayman | Manbadan + virtualenv |
| Kompaniya uchun jonli server kerak | Ubuntu Server, Windows emas |

Oxirgi qatorni takrorlayman, chunki bu eng koʻp qilinadigan xato. Windowsʼda oʻrnatilgan Odooʻni real kompaniyaga berib yuborish — keyinchalik maʼlumot yoʻqolishi, sekin ishlash va zaxira nusxa muammolariga olib keladi. Odoo buni rasman tavsiya qilmaydi.

Keyingi qadam

Oʻrnatish tugadi. Endi:

  • Modul yozmoqchi boʻlsangiz — odoo-bin scaffold buyrugʻi bilan boʻsh modul shabloni yaratishdan boshlang
  • Oʻzgarishlarni koʻrish uchun — —dev=all parametrini qoʻshing, shunda kodni oʻzgartirganda server qayta yuklanadi
  • Modulni yangilash uchun — -u modul_nomi parametridan foydalaning

Manbalar

  1. Source install — Odoo 19.0 documentation www.odoo.com
  2. Packaged installers — Odoo 19.0 documentation www.odoo.com

Yana oʻqing

Boʻlimlar