baha.
Obuna boʻlish Buyurtma berish Aloqa

Odoo joriy qilishda eng koʻp uchraydigan 10 ta xato

Odoo joriy qilishda eng koʻp uchraydigan 10 ta xato: rejasiz boshlash, ortiqcha customization, iflos maʼlumot, testsiz go-live va boshqalar.

7 daqiqa oʻqish ERP asoslari Mos versiyalar: Odoo 17 · 18 · 19 Nashrlar: Community · Enterprise

Odoo bilan ishlaganlar orasida bir gap bor: “Odoo demoʻda juda oddiy koʻrinadi.” Va bu haqiqat. Muammolar demoʻdan keyin — modullar ulanib, jarayonlar chizilib, maʼlumot koʻchirila boshlaganda paydo boʻladi.

Men bu maqolani yozishdan oldin faqat oʻz tajribamga tayanmadim. Turli mamlakatlardagi Odoo implementorlari, foydalanuvchi sharhlari va rasmiy hujjatlarda takrorlanadigan maʼlumotlarni koʻrib chiqdim. Xulosa hamma joyda bir xil: bu maqoladagi har bir xato — dasturiy taʼminotning emas, jarayonning xatosi.

Quyida oʻsha xatolar. Har biri uchun: nega sodir boʻladi, nimaga olib keladi va qanday oldini olinadi.

1. Rejasiz boshlash

Eng koʻp uchraydigani va eng qimmati. Koʻp kompaniyalar ichki jarayonlarini aniqlamasdan turib modullarni oʻrnatishga kirishadi — natijada tartibsizlik va chalkashlik yuzaga keladi.

Buning tipik koʻrinishi: “Avval Sale va Inventoryʼni yoqib koʻraylik, keyin qarab olamiz.” Ikki oydan keyin maʼlum boʻladiki, sklad hisobi notoʻgʻri sozlangan, chunki hech kim mahsulot kategoriyalari boʻyicha valuatsiya siyosatini oldindan hal qilmagan edi.

Nega bunday boʻladi. Odooʻda modulni yoqish bir necha soniya vaqt oladi. Bu “boshlash arzon” degan yolgʻon tuygʻu beradi. Aslida esa modulni yoqish emas, uni notoʻgʻri sozlab, ustiga bir oylik hujjat kiritish qimmat.

Toʻgʻri yondashuv. Hech qanday modul yoqilmasdan oldin joriy jarayonlar yozib chiqiladi, kerakli modullar roʻyxati aniqlanadi va joriy qilish fazalarga boʻlinadi. Bu bir haftalik ish — keyinchalik bir necha oyni tejaydi.

2. Hamma modulni birdaniga yoqish

Odooʻning modulligi — kuchli tomoni. Ammo boshidanoq mavjud barcha ilovalarni oʻrnatish foydalanuvchilarni koʻmib tashlaydi.

Bu xato ayniqsa ichki IT jamoalar tomonidan qilinadi: “Baribir litsenziyada bor-ku, yoqib qoʻyaylik.” Natijada sotuv menejeri oʻziga hech qachon kerak boʻlmaydigan 14 ta menyu orasidan kerakligini qidiradi. Foydalanish darajasi tushadi, “tizim murakkab” degan obro’ paydo boʻladi.

Toʻgʻri yondashuv. Bosqichma-bosqich joriy qilish: avval oʻzak (masalan, Sale + Inventory + Accounting), ular barqaror ishlay boshlagandan keyin keyingisi. Agar tizim allaqachon muammoli holatda boʻlsa, qoida yanada qatʼiy: asosiy funksiyalar ishonchli ishlamaguncha yangi modul qoʻshilmaydi.

3. Over-customization — eng qimmat xato

Bu xato manbalarning deyarli barchasida birinchi oʻrinda turadi.

Odoo kuchli standart jarayonlarga ega, ammo koʻp kompaniyalar eski jarayonlarini yangi tizim ichida aynan takrorlashga urinadi. Eng yaxshi amaliyotlarga moslashish oʻrniga, dasturchidan “Odooʻni bizning ishlash uslubimizga moslashtir” deb soʻraydi.

Va bu bevosita texnik qarzga aylanadi. Odooʻning oʻz rasmiy hujjatida ham shu ochiq yozilgan: oʻz ishlanmalaringizni iloji boricha shubha ostiga oling va funksional muqobil yechim toping; ishlanmalaringiz bilan standart Odoo oʻrtasidagi takrorlanishni yoʻq qilish yangilanish jarayonini yengillashtiradi va texnik qarzni kamaytiradi.

Foydalanuvchilar tomonidan bu qanday his qilinadi? G2’dagi bir sharhda aniq ifodalangan: asosiy kamchilik — joriy qilishning murakkabligi va umumiy narxi; bazaviy mahsulot arzon koʻrinsa-da, Odooʻni haqiqatan ishlaydigan holatga keltirish keng koʻlamli customization, uchinchi tomon ilovalari va doimiy texnik yordamni talab qiladi, tez-tez chiqadigan yangilanishlar esa customizationʼlarni buzib qoʻyishi mumkin.

Amaliy mezon. Har bir customization soʻroviga bitta savol bering: “Bu bizning raqobat ustunligimizmi yoki shunchaki odatmi?”

  • “Biz doim shunday qilganmiz” → jarayonni oʻzgartiring
  • “Qonun talab qiladi” yoki “mijozlarimiz aynan shuni soʻraydi” → kod yozing

Customization real raqobat boʻshligʻini yopishi kerak, eskirgan odatni saqlab qolishni emas.

4. Talablarni faqat IT va moliyadan yigʻish

Klassik ssenariy: discovery yigʻilishida direktor, bosh buxgalter va IT bor. Sklad mudiri, kassir va sotuv menejeri yoʻq.

Jamoalar real biznes ehtiyojini tushunib olishdan oldin texnik sozlashga shoshiladi — talablarni faqat IT va moliyadan oladi, operatsion boʻlim, sotuv va mijozlar bilan ishlash boʻlimining muhim fikri esa eʼtibordan chetda qoladi.

Natijasi go-live kuni chiqadi: buxgalteriya hisoboti benuqson, ammo sklad ishchisi har bir chiqim uchun 6 ta klik qilishga majbur va kuniga 200 ta chiqim bor.

Toʻgʻri yondashuv. Har bir boʻlimdan key user. Va talab soʻrovnoma orqali emas, ish joyida kuzatish orqali yigʻiladi — odam ekranda nimani bosadi, qaysi Excelʼni ochadi.

5. Iflos maʼlumotni koʻchirish

Har bir kompaniya oʻz maʼlumotini aslidagidan toza deb oʻylaydi. Yillar davomida yigʻilgan eksportlar, Excelʼdagi vaqtinchalik yechimlar va eski tizim gʻalizliklari ortidan dublikat yozuvlar, bir xil boʻlmagan formatlar va toʻldirilmagan maydonlar qoladi.

Toʻliq boʻlmagan, eskirgan yoki takrorlanuvchi maʼlumotni eski tizimdan Odooʻga koʻchirish xatolarga olib keladi, operatsiyalarni buzadi va foydalanuvchilarning tizimga ishonchini pasaytiradi.

Oxirgi jumla eng muhimi. Ishonchni yoʻqotish qaytarilmas. Bir marta “bu hisobot notoʻgʻri” deb ishongan buxgalter keyingi olti oy davomida parallel Excel yuritadi — va siz buni ancha kech bilib qolasiz.

Toʻgʻri yondashuv:

  1. Koʻchirishdan oldin tozalash. Dublikatlarni birlashtirish, oʻlchov birliklarini bir xillashtirish, faol boʻlmagan mahsulotlarni arxivlash.
  2. Kamida ikki marta sinov importi, Staging muhitida.
  3. Har importdan keyin solishtirish: jami sklad qoldigʻi, debitor/kreditor qarzdorlik, konto balanslari eski tizim bilan aniq mos kelishi kerak.

6. Sherikni faqat narx boʻyicha tanlash

Bu xato mijoz tomonida, ammo oqibati hammaga tegadi.

Koʻp tashkilotlar Odoo joriy qiluvchi kompaniyani asosan narx yoki sotuv taqdimoti asosida tanlaydi — tajriba, metodologiya va joriy qilishdan keyingi yordam haqida soʻramasdan. Eng arzon variant uzoq muddatda kamdan-kam hollarda eng arzoni boʻlib chiqadi. Oʻsha manbada aniq misol ham bor: 80 000 dollar turishi kerak boʻlgan loyihalar 30 000 dollarga kotirovka qilinib, oxir-oqibat qayta ishlash va choʻzilgan muddatlar hisobiga ikki barobar qimmatga tushgan.

Sertifikat ham yetarli kafolat emas: sertifikatlash asosan firma Odooʻning oʻquv va sotuv talablarini bajarganini tasdiqlaydi, ammo jamoa murakkab real loyihalar bilan ishlaganini anglatmaydi — masalan, koʻp kompaniyali oʻzaro operatsiyalar, murakkab BoMʼlar uchun Python migratsiya skriptlari yoki stock valuation layer xatolari sabab paydo boʻlgan “fantom” jurnal yozuvlarini hal qilish.

Nima soʻrash kerak. Sherik bilan shartnoma imzolashdan oldin uning joriy qilish jarayoni, “rescue” (qulagan loyihani qutqarish) tajribasi, maʼlumot koʻchirish strategiyasi va ishga tushirishdan keyingi yordam tuzilmasi haqida soʻrang. Agar javoblar mavhum yoki haddan tashqari sotuvga yoʻnaltirilgan boʻlsa — bu odatda ogohlantiruvchi belgi.

7. Testsiz go-live

Natija — xatolar, buzilgan jarayonlar va notoʻgʻri sozlangan narx qoidalari real foydalanuvchilar tomonidan jonli production muhitida topiladi. Go-liveʼdan keyin muammoni tuzatish uni oldindan tutib olishdan har doim qimmatroq, xodimlar ishonchiga va mijozlar bilan munosabatlarga yetgan zarar esa oylar davomida saqlanib qolishi mumkin.

Toʻgʻri yondashuv. UAT (User Acceptance Testing) — mijozning oʻzi oʻtkazadigan test. Stsenariylar real hujjatlar asosida: oʻtgan oyning haqiqiy buyurtmasini oling va uni sotuv → yetkazish → invoys → toʻlov zanjiri boʻylab toʻliq oʻtkazing. UAT rasman qabul qilinmaguncha go-live yoʻq.

8. Bir martalik oʻqitish

Koʻp kichik va oʻrta biznes faqat bir martalik oʻquv sessiyasi bilan cheklanadi. Bu uzoq muddatli oʻzlashtirish uchun odatda yetarli emas, tadqiqotlar esa zaif change management ERPʼdan samarali foydalanishni 70 foizgacha kamaytirishini koʻrsatadi.

Bir hafta davom etgan trening va 40 betlik PDF — bu oʻqitish emas, hisobot uchun qilingan ish. Odam tizimni real ish oqimida, oʻz hujjatlari ustida oʻrganadi.

Toʻgʻri yondashuv. Rollar boʻyicha qisqa treninglar, oʻzbek tilidagi 2–3 daqiqalik videolar, har bir boʻlimda 1–2 ta “champion” tayyorlash. Tajribali sherik oʻzlashtirishni uzluksiz jarayon deb biladi va go-liveʼdan keyin ham uni kuzatib boradi.

9. Yangilanishni rejaga kiritmaslik

Odoo yiliga bitta katta versiya chiqaradi. Agar siz buni boshidanoq hisobga olmasangiz, 2–3 yildan keyin tanlov tor boʻlib qoladi.

Communityʼda yangilanish avtomatik emas — bu pullik dasturlash loyihasi. Custom modullar yangi versiyada koʻpincha ishlamay qoladi va qayta yozilishi kerak. Natijada koʻp biznes 2–3 versiya orqada qolib ketadi, chunki yangilanish juda qimmat — bu esa jamlanib boruvchi texnik qarzni yuzaga keltiradi.

Texnik sabab ham aniq: maʼlumot avtomatik koʻchsa ham, custom kod ORM, model tuzilmasi, JavaScript freymvorki (jQueryʼdan OWLʼga oʻtish) va huquqlar tizimidagi oʻzgarishlar sababli qoʻlda refaktoring talab qiladi.

Toʻgʻri yondashuv:

  • Har bir customization uchun “yangilanish narxi” ni oldindan baholang. Bu bir martalik emas, takrorlanuvchi xarajat.
  • Standart APIʼga tayaning, ORM ichiga chuqur kirmang, coreʼni monkey-patch qilmang.
  • Yangilanish davriyligini shartnomada belgilang (masalan, har 2 yilda bir marta).

10. Go-liveʼni loyihaning tugashi deb bilish

Sherik go-liveʼdan bir hafta keyin javob bermay qoʻysa, loyiha texnik jihatdan muvaffaqiyatli boʻlsa ham amalda qulaydi. Joriy qiluvchi sherik ishga tushirishdan keyingi kamida dastlabki oylar davomida aniq eskalatsiya yoʻllari va javob muddatlari bilan yordam koʻrsatishi kerak.

Hyper-care rejimi: birinchi 2–4 hafta — qisqartirilgan javob muddati, har kuni qisqa yigʻilish (“bugun kim nimaga qoqildi?”), topilgan muammolarni darhol yoʻriqnomaga qaytarish. Shundan keyingina odatiy supportʼga oʻtiladi.

Oʻzbekiston kontekstidagi qoʻshimcha uchta xato

Yuqoridagilar universal. Lokal amaliyotda men muntazam koʻradigan yana uchtasi:

Lokalizatsiyani oxirgi haftaga qoldirish. NDS, hisob-faktura formati, DIDOX/soliq integratsiyasi — bular “keyin qoʻshib qoʻyamiz” deb kechiktiriladi va cutoverʼdan uch kun oldin panikaga aylanadi. Lokalizatsiya talablari Design bosqichida aniqlanishi kerak, chunki ular kontlar rejasiga va invoys oqimiga taʼsir qiladi.

Ikki valyutali hisobni kech oʻylash. Soʻm va dollarda parallel hisob yurituvchi kompaniyalar koʻp. Valyuta kurslari siyosati, qayta baholash va POSʼdagi ikki valyutali toʻlov — bular keyinchalik qoʻshiladigan “kichik funksiya” emas, balki arxitektura qarori.

“Direktor hammasini koʻrsin” talabi. Aslida bu ruxsatlar tizimini buzadi. Toʻgʻri javob — direktorga barcha maʼlumotni ochish emas, unga kerakli koʻrsatkichlarni beradigan dashboard qurish.

Go-live oldidan qisqa tekshiruv roʻyxati

  • Scope hujjati mavjud va imzolangan
  • Fit-Gap tahlili yakunlangan, har bir Gap boʻyicha qaror yozilgan
  • Customization roʻyxati maʼlum va har biri asoslangan
  • Maʼlumot tozalangan, kamida 2 marta sinov importi oʻtkazilgan
  • Balanslar va qoldiqlar eski tizim bilan solishtirilgan
  • UAT mijoz tomonidan bajarilgan va qabul qilingan
  • Rollar boʻyicha oʻqitish oʻtkazilgan, championʼlar tayinlangan
  • Cutover rejasi soatlab yozilgan, rollback varianti bor
  • Hyper-care davri va javob muddatlari kelishilgan

Xulosa

Statistika achchiq: Gartner prognoziga koʻra, 2027-yilgacha yaqinda joriy qilingan ERP loyihalarining 70 foizdan ortigʻi dastlabki biznes maqsadlariga toʻliq erisha olmaydi — va aksariyat hollarda sabab dasturiy taʼminotning oʻzida emas, balki zaif rejalashtirish, noaniq jarayonlar yoki kuchsiz joriy qilish strategiyasidadir.

Yuqoridagi oʻnta xatoning birortasi ham texnologiya bilan bogʻliq emas. Ularning hammasi — qaror qabul qilish va tartib-intizom masalasi.

Shuning uchun eng yaxshi xabar ham shu: bu qoʻllanmadagi xatolarning barchasining oldini olish mumkin. Farq tayyorgarlikda. Odoo ishlaydi — real reja, toʻgʻri sherik, toza maʼlumot, oʻqitilgan foydalanuvchilar va uzoq muddatli qarash bilan oʻylab joriy qilinsa.

Agar loyihani boshlashdan oldin faqat uchta narsani yopib olsangiz — hujjatlashtirilgan scope, tozalangan maʼlumot va mijoz tomonida qaror qabul qiladigan odam — qolgani texnika masalasi.

Siz Odoo joriy qilishda qaysi xatoga duch kelgansiz? Ayniqsa customization chegarasini qayerda qilish kerakligi boʻyicha tajribangizni eshitish qiziq.

Manbalar

  1. Gartner: What IT leaders must do to avoid disappointing ERP initiatives www.gartner.com

Yana oʻqing

Boʻlimlar